Buyuk Britaniyaga safar qilgan O‘zbekistonning yetakchi islomshunos va sharqshunos olimlaridan iborat delegatsiya London shahrida joylashgan Islom madaniyati markazida uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar berdi O‘zA.
Tadbirda Buyuk Britaniyaning Lordlar palatasi a’zosi, lord Muhammad Iltaf Shayx, Islom madaniyati markazi direktori doktor Ahmad Dubayon va islom madaniyati markazining ilmiy xodimlari ishtirok etdi.
Uchrashuv qatnashchilariga O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar, diniy-ma’rifiy sohadagi tub islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Islom madaniyati markazi direktori doktor Ahmad Dubayon O‘zbekistonda amalga oshirilgan ishlarning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi. “O‘zbekiston hamisha bizning yodimizda. Imom Buxoriy, Imom Termiziydek buyuk zotlar o‘zbek zaminida tarbiya topgan. Imom Buxoriyning asarlari bo‘lmaganida bugun bizning markazlarimiz ham bo‘lmas edi. Biz hamisha bu ulug‘ zotlar haqqiga duo qilamiz. O‘zbekistonning ziyorat turizmi sohasidagi salohiyati juda ham yuqori. Yaqin orada Xitoydan to Amerikagacha – butun dunyo musulmonlari O‘zbekistonga oqib keladi”, — dedi Ahmad Dubayon.
Uchrashuvda Islom madaniyati markazida Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadimiy va betakror shaharlar, noyob tarixiy obidalar haqida fotoko‘rgazma, buyuk allomalar hayoti va ilmiy merosi haqida ma’ruzalar tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Izoh (0)