Alabama shtatida joylashgan(AQSh) Birmingem shahridagi maktabda sodir bo‘lgan otishma oqibatida bir nafar o‘quvchi halok bo‘ldi, yana uchtasi jarohat oldi. Bu haqda Alabama Local’ga tayanib, “Gazeta.ru” xabar berdi.

Foto: Reuters

Ma’lumotlarga ko‘ra, otishma tasodifan yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Ayni vaqtda bir nafar o‘quvchi halok bo‘lgani, shuningdek, yana uch kishi jiddiy jarohatlar bilan shifoxonaga yetkazilgani ma’lum.

“Darsdan bo‘sh vaqtda sodir bo‘lgan noxush hodisada ikki nafar o‘quvchi ishtirok etgan. Qisqa vaqtga maktab bloklangan, voqea joyiga politsiya yetib kelgan. Hozirda o‘quvchilarning barchasi uyiga qo‘yib yuborilgan bo‘lib, politsiya vaziyatni o‘rganmoqda”, — deyiladi maktab ma’muriyati tomonidan berilgan rasmiy bayonotda.