“Liverpul” uzoq kutilgan tanaffusdan so‘ng Chempionlar Ligasining chorak finaliga qaytdi
“Liverpul” Chempionlar Ligasining chorak finaliga 9 yillik tanaffusdan keyin yetib kelgani aytilgandi, Madridning “Real” klubi esa ketma-ket 8-bor chorak final chiptasini qo‘lga kiritdi. Biroq bu rekord emas. Chunki “Barselona” mazkur bosqichga ketma-ket 10 bor yetib kelishga ulgurgandi.Madridning “Real” klubi takroriy o‘yinda ham PSJdan ustun keldi va Chempionlar Ligasining chorak finaliga yo‘l oldi
Dani Karvaxal
“Real” himoyachisi uchun Parijdagi o‘yindan keyin Chempionlar Ligasida mag‘lub bo‘lmaslik borasida rekordchilarga yetib oldi. Axir u maydonga chiqqan o‘yinlarda “Real” 3 yildan buyon mag‘lub bo‘lmaydi. So‘nggi marta madridliklar 2015-yil “Yuventus”ga imkoniyatni boy bergan bo‘lib, Karvaxal o‘sha o‘yinda ishtirok etgandi. Himoyachi shundan so‘ng maydonni boshi egik holda tark etmadi. Bunday natijani avvalroq Patris Evra hamda Luish Nani ham qayd etgandi.“Parij ertagi” tugadi
“Real” Parijdan g‘alaba bilan qaytib, PSJ klubining uy o‘yinlarida mag‘lub bo‘lmaslik ko‘rsatkichiga nuqta qo‘ydi. Ketma-ket 51 ta o‘yindirki parijliklar “Park de Prens”da mag‘lubiyat alamini totib ko‘rmagandi. So‘nggi 19 ta uy uchrashuvining barchasida Emeri boshchilik qilayotgan klub g‘alaba qozongandi. “Real” esa bu seriyaga chek qo‘ydi.
Iker Kasilyas
“Portu”da faoliyatini davom ettirayotgan ispaniyalik darvozabon Chempionlar Ligasidagi quruq o‘yinlar soni bo‘yicha rekordchiga aylanib oldi. “Liverpul”ga qarshi javob o‘yinida gol o‘tkazmagan Ikerda quruq o‘yinlar soni 57 taga yetdi. Hali hech bir darvozabon bunga erisha olmagandi.Kasilyas, shuningdek, Chempionlar Ligasidagi o‘yinlar soni bo‘yicha ham rekordchidir. U musobaqada 167 ta uchrashuv o‘tkazgan. Shularning 150 tasida “Real” sharafini himoya qilgan.
Krishtianu Ronaldu
“Real”ning Chempionlar Ligasida chorak finalga qadar yetib kelishida Krishtianu Ronaldu muhim rolni o‘ynadi. U Madridda ham, Parijda ham PSJ darvozasiga yo‘l topdi.Ronaldu mazkur musobaqada “Real” sharafini hozircha 96 ta o‘yinda himoya qilgan bo‘lib, 102 ta gol urishga erishgan.
Krishtianu, shuningdek, Chempionlar Ligasining ketma-ket 9 ta o‘yinida gol urishga erishdi. Shu mavsumdagi jami 8 ta o‘yinni u golsiz tark etmadi, qo‘shimchasiga o‘tgan mavsum finalida “Yuventus” postiga gol urgandi. Ketma-ket 9 ta Chempionlar Ligasi o‘yinida gol urish bungacha gollandiyalik hujumchi Ruud van Nisterloyga nasib qilgandi. U 2002/03-yilgi mavsumda shunga erishgan.
Karim Benzema
“Real” safida eng ko‘p tanqid qilinadigan futbolchi Karim Benzema bo‘lsa kerak. Kecha u Chempionlar Ligasidagi 100-uchrashuvida maydonga tushdi. Mana shu o‘yinlarda u 53 ta gol urishga erishgan.Shu tariqa Benzema musobaqada 100 ta o‘yin o‘tkazgan jahonning 34 nafar futbolchisidan biriga aylandi. Fransiyalik futbolchilar orasidan bungacha faqatgina ikki kishi 100 tadan ko‘p o‘yin o‘tkazgandi: Tyeri Anri (112) hamda Patris Evra (108).Serxio Ramos
Ispaniyalik himoyachi sariq kartochkalar olish bo‘yicha Chempionlar Ligasining rekordini o‘rnatdi. Unga qadar angliyalik Pol Skoulz 36 bor referilar tomonidan ogohlantirilgandi. PSJ bilan o‘yinda esa Ramos 37-sariq kartochkani boshi uzra ko‘rdi. Shulardan 33 tasida u faqat sariq olgan, qolgan 4 ta sariq kartochkasi esa o‘sha onning o‘zidayoq qizilga aylangan.
Izoh (0)