“Yo‘lbarssimon piton” nafaqat sichqonlar yoki quyonlar bilan, balki tabiatda uchraydigan yirik jonzotlar — alligator va bug‘ular bilan ham oziqlanadi. Yaqinda Floridada topilgan ilon eng katta o‘ljani yutish bo‘yicha rekord o‘rnatdi, deb xabar berdi National Geographic.
Florida tabiatni muhofaza qilish idorasi “qora yo‘lbarssimon piton”larga qarshi kurashishni davom etmoqda. U Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyoda yo‘qolib borayotgan hayvonlar sirasiga kiradi, biroq AQShda u xavfli tur hisoblanadi. Ilonning uzunligi 3,7 metrga qadar yetib, yer yuzidagi eng yirik beshta jonzotdan biridir.
Florida yerlarida yashaydigan ulkan sudralib yuruvchining tabiiy dushmanlari bo‘lmagani sabab, u “Evergleyds” bog‘idagi hayvonlarga qiron keltirmoqda.
Atiga bir necha yil ichida bu yerda yashaydigan yenot va opossumlar populyatsiyasi 98—99 foizga, oq dumli bug‘ular 94 foizga qisqarib ketdi. Shuningdek, koyotlar, qushlar hamda noyob Florida pumasi qirilib ketish xavfi ostida.
AQSh hukumati ushbu muammoga 2013-yildayoq e’tibor qaratgan edi, biroq ko‘rilgan chora-tadbirlar kutilganidek samara bermadi.
Izoh (0)