Tekshiruvlar davomida Samarqand viloyati stomatologiya poliklinikasida sterilizatsiya ishlari sifatsiz olib borilgan, ba’zi hollarda bir marotabalik tibbiy buyumlar qayta ishlatib kelingani aniqlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Shuningdek, Samarqand shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli muassasalarda tibbiy asbob-uskunalarni sterilizatsiya qilish jarayonida va boshqa muolajalarni o‘tkazishda amaldagi sanitariya qoidalari va me’yorlari qo‘pol ravishda buzib kelingani ma’lum bo‘ldi. Masalan, tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruq majmuasining jarrohlik blokida sterilizatsiya jarayoni talabga javob bermaydi.
Yuqoridagi kabi holatlar Samarqand viloyat perinatal markazi, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on, Tayloq, Narpay tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmalari faoliyatida ham aniqlangan.
Bu borada yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar Sog‘liqni saqlash vazirligining navbatdagi hay’at yig‘ilishida muhokama qilindi va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.
Jumladan, Samarqand viloyat stomatologiya poliklinikasi bosh shifokori A. Norbo‘tayev hamda Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i O. Elbabayev bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish hamda Samarqand, Kattaqo‘rg‘on, Tayloq, Narpay tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmalari boshliqlari, Samarqand viloyat perinatal markazi bosh shifokoriga nisbatan intizomiy chora qo‘llashga qaror qilindi.
Bundan tashqari, tegishli nazoratni susaytirib yuborganligi, shifoxona ichi infeksiyasi profilaktikasini sust olib borgani uchun Andijon viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh shifokori B. Yo‘ldashev, Samarqand viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh shifokori O. Boymurodov va Farg‘ona viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh shifokori A. Yakubovlarga nisbatan ham intizomiy choralar ko‘rildi.
Yuqoridagi holatlar takrorlanmasligi hamda sanitariya qoidalariga amal qilish mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida davolash-profilaktika muassasalarida shifoxona ichi infeksiyasining oldini olish bo‘yicha doimiy ravishda tushuntirish ishlarini olib borish, bu borada hududlardagi mutaxassislarga muntazam ravishda amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish belgilandi.
Izoh (0)