Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida avtotransport vositalarida yoqilg‘i sarfini kamaytirish, havoga zaharli gaz chiqarish darajasini pasaytirishga xizmat qiluvchi yangi innovatsion qurilma taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: O‘zA

Malayziyaning “Amiran” texnologik kompaniyasi ishlab chiqargan gazgenerator qurilmasi avtomobilga o‘rnatilgandan so‘ng 50 foizgacha yoqilg‘i tejaladi. O‘z-o‘zidan bosib o‘tiladigan masofa 50 foizgacha uzayadi.

Kompaniya direktori o‘rinbosari A’zam Al-Yahyoning ta’kidlashicha, ushbu qurilma tarkibida asosini suv tashkil qiluvchi kislorod-vodorodli yoqilg‘i kapsulasi mavjud. U suv elektrolizi texnologiyasiga asoslangan kichik aksessuarlardan iborat. Gazgenerator qurilmasi atmosferani ifloslantiruvchi moddalar va zaharli gaz chiqindilarini kamaytiradi. Avtotransportning ravon harakatlashini ta’minlaydi.

Foto: O‘zA

Gazgenerator qurilmasi dvigatel haroratini pasaytirishi natijasida mashina moyi ko‘proq muddatga yetadi. U barcha turdagi avtotransport vositalari uchun mo‘ljallangan. Yengil avtomobillar uchun GX-300 modeli tavsiya etiladi. Har 10 ming kilometrdan so‘ng qurilma ichidagi suv almashtiriladi.

O‘rnatish juda oson. U avtomobil yukxonasiga ixcham tarzda o‘rnatiladi. 5 yildan 10 yilgacha kafolati bor.

Taqdimotda Malayziyaning innovatsion texnologiyalar ishlab chiqarish tajribasi va yutuqlari haqida so‘z yuritildi.