O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlari ish haqi oshiriladi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Davlat maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarining ayrim toifalari mehnatiga haq to‘lashni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida o‘z ifodasini topdi, deb xabar beradi O‘zA.
Qarorga muvofiq, davlat maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlari ayrim toifalari, jumladan, mudirlar, tarbiyachilar, metodistlar, o‘qituvchilar, defektologlar, psixologlar, musiqa rahbarlari va tarbiyachining yordamchilari mehnatida haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalari 2018-yil 1-martdan boshlab 30 foizga oshirildi.
2018-yil 1-sentabrdan boshlab esa tayyorgarlik (5 yoshdan 6-7 yoshgacha) guruhi tarbiyachilari, oliy ma’lumotli o‘qituvchilar, defektologlar, psixologlar mehnatida haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalari, ularning miqdori umumta’lim maktablari boshlang‘ich sinflari o‘qituvchilarining bazaviy tarif stavkalari miqdoriga tenglashtirgan holda, 30 foizga oshiriladi.
Oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar pedagogik ma’lumotli tarbiyachining o‘rinbosarlari mehnatiga haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalari 20 foiz, maktabgacha ta’lim muassasalari mudirlari mehnatiga haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalari 10 foizga tabaqalashtirib oshiriladigan bo‘ldi.
Izoh (0)