Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi 25-fevral, yakshanba kuni yangi Galaxy S9 va Galaxy S9+ smartfonlarini taqdim etdi, deb yozadi “RIA Novosti”. Taqdimot Barselonadagi Xalqaro mobil kongressda bo‘lib o‘tdi.
Gadjetlar dizayni flagmanlarning avvalgi avlodidan orqa paneldagi elementlar vertikal tarzda joylashgani bilan farq qiladi, xolos. Barmoq izi skaneri kamera moduli ostida joylashgan, bu esa obyektivning ifloslanishi muammosini hal qiladi.
S9 va S9+ ning “cheksiz” displeyi diagonali tegishli ravishda 5,8 va 6,2 dyuymga teng (Quad HD+ 1440×2880 pikselli). Tezkor xotirasi 4/6 Gb, doimiy xotirasi — 64 Gb (+ microSD).
Kichik model 12 megapikselli kamera, kattasi esa xuddi shunday megapikselli qo‘sh kamera bilan jihozlandi. Bundan tashqari, foydalanuvchilar o‘z selfimojilarini yaratishi mumkin.
Qurilmalarda biometrik autentifikatsiyaning uch xil uslubi bor: ko‘zning rangdor pardasi orqali, barmoq izi orqali yoki yuzni tanib olish funksiyasi orqali. Ularda, shuningdek, Dedicated Fingerprint funksiyasi mavjud, u smartfonni blokdan chiqarish uchun bitta barmoq izidan, himoyalangan papkani ochish uchun boshqa bir barmoq izidan foydalanish imkonini beradi.
Smartfonlarga birinchi marta SmartThings dasturi o‘rnatildi, u gadjetlar yordamida “aqlli” uydagi “ulangan” maishiy texnika va qurilmalarni boshqarish imkoniyatini beradi.
Yangi modellarga Qualcomm Snapdragon 845 (Shimoliy Amerika, Yaponiya va Xitoyda) va Samsung Exynos (Yevropada) chiplari o‘rnatildi.
Flagmanlar rasman 19-martda sotuvga chiqadi. Rossiyada Galaxy S9 59,99 ming rubl (1070 dollar), Galaxy S9+ esa 66,99 rubl (1200 dollar)dan sotiladi.
Izoh (0)