Andijon viloyatining Izboskan tumanida “Faol tadbirkorlar” anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat kengashi tashabbusi bilan “Prezident g‘oyalari bilan kelajak sari” shiori ostida o‘tkazilgan anjumanda Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari, davlat boshqaruvi organlari, soliq, bank tizimi mutaxassislari, partiya faollari, keng jamoatchilik vakillari, tadbirkorlar, fermerlar ishtirok etdi.
Tadbirda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning emin-erkin faoliyat yuritishi, xo‘jalik tomorqalaridan unumli foydalanishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilgani, aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, partiya, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, qator vazirlik va idoralar tomonidan joriy yil 13-fevralda o‘tkazilgan O‘zbekiston faol tadbirkorlari anjumanida qabul qilingan “O‘zbekiston tadbirkorlariga murojaat” o‘qib eshittirildi.
Anjumanda 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, qilinishi zarur ishlar yuzasidan fikr almashildi. Tadbikorlarni qiynayotgan, ularning faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan qator muammolar tegishli idoralar mutasaddilari ishtirokida shu yerning o‘zida hal etildi.
“Korxonamiz asosan briket mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, — dedi Izboskan tumanidagi Nurislombek Great Style MChJ rahbari Ismoil Abdurashidov. — Anchadan buyon faoliyatimizni yanada kengaytirish hamda issiqxona qurish uchun yer ajratilishi bo‘yicha harakat qilayotgan edik. Lekin turli sabablarga ko‘ra, ushbu masala hal bo‘lmay kelayotgan edi. Bugungi anjumanda ushbu muammo bo‘yicha mutasaddilarga murojaat qildim. Korxonamizga 1 gektar yer maydoni ajratib beriladigan bo‘ldi”.
Anjumanda tadbirkor va fermerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.
Izoh (0)