Toshkentdagi Inha universitetida harbiy xizmatchilar uchun murabbiy-o‘qituvchilar tayyorlash kurslari ochildi. Harbiylar u yerda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘zlashtirishi mumkin, deb xabar berdi O‘zA.
Bunday kurslar O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan tashkil etildi. Kurslarning o‘quv dasturi ilg‘or kompyuter va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, shuningdek, harbiy xizmatchilarning professional faoliyatida qo‘llaniluvchi uslub va usullarni o‘rganishni talab qiladi. U olti bosqichdan iborat bo‘lib, har bir bosqichda 60 nafar harbiy xizmatchi ishtirok etadi. Kelgusida o‘z qism va bo‘linmalarida mashg‘ulotlar olib boruvchi 360 nafar murabbiy-o‘qituvchini tayyorlash ko‘zda tutilgan.
Toshkentdagi Inha universiteti va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining tajribali o‘qituvchilari rahbarligida harbiy xizmatchilar qator foydali ko‘nikmalarni o‘zlashtiradi, jumladan, kiberxavfsizlikka qarshi kurash va pedagogika sohasidagi bilimlarini oshiradi.
Imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan tinglovchilar axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida murabbiy-o‘qituvchi maqomini beruvchi sertifikatga ega bo‘ladi.
Izoh (0)