23-fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti “2018-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matnida O‘zA keltirdi.
Navro‘z bayramini yuksak saviyada nishonlash maqsadida qator chora-tadbirlar belgilandi. Jumladan, 2018-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi tasdiqlandi. Tashkiliy qo‘mita Navro‘z bayramini Toshkent shahrida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, barcha shahar, tuman, qishloq va ovullarda umumxalq sayillari shaklida yuqori darajada o‘tkazishga qaratilgan, “Aziz vatandoshlar, har kuningiz Navro‘z bo‘lsin!” degan g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturini o‘n kun muddatda ishlab chiqishi va amalga oshirishi belgilandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga ommaviy tomoshalar bo‘yicha yuksak mahorat va tajribaga ega bo‘lgan ssenarist va rejissorlar, yozuvchi va shoirlar, kompozitor va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh ijrochilar, folklor san’ati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etiladi.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha hokimlar rahbarligida hududiy komissiyalar tuzish; bayram sayillarini barcha shahar, tuman, qishloq va ovullarda bosqichma-bosqich ravishda yuqori saviyada, ob-havo sharoitini hisobga olgan holda tashkil etish yuzasidan tadbirlar rejasini ishlab chiqish va amalga oshirishni ta’minlash; mart-aprel oylarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligini tashkil etish hamda bu boradagi ishlar eng yaxshi yo‘lga qo‘yilgan tuman, qishloq va mahallalar tajribasini ommalashtirish; Mehribonlik, Saxovat, Muruvvat uylari, kam ta’minlangan oilalar va nogiron shaxslarga moddiy yordam ko‘rsatish ishlarini tashkil etish vazifalari yuklandi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Jahon” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etildi.
Izoh (0)