21-fevral kuni O‘zbekiston va Kuvayt hukumatlari o‘rtasida oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim kuchga kirdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat 2017-yil 9-fevralda al-Kuvayt shahrida imzolangan.
Bitim oliy ta’lim va fan sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari (OTM) va tadqiqot markazlari faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Hujjatga ko‘ra, tomonlar talabalar va tadqiqotchilar almashinuvi amalga oshiradi va ular uchun har yili tegishli stipendiyalar ajratadi, shuningdek, O‘zbekiston va Kuvayt OTMlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashadi.
Bitim arab tilini o‘qitish va o‘rganish, manbalarni tadqiq qilish va sharq qo‘lyozmalarini saqlash ishlarida o‘zaro hamkorlikka ko‘maklashadi.
Bitim asosida Kuvayt OTMlarida arab tili va adabiyoti o‘qituvchilarining amaliyot o‘tashi orqali hamkorlikni yanada kengaytirish, O‘zbekiston OTMlarida arab tili xonalari va kutubxonalarini zamonaviy texnika vositalari hamda arab tilidagi adabiyotlar bilan jihozlashda o‘zaro hamkorlik qilish rejalashtirilmoqda.
Izoh (0)