O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Sarvar Otamuratov boshchiligidagi Xorazm viloyatidan saylangan deputatlar Xonqa tumanidagi bir qator ijtimoiy soha obyektlarida bo‘ldi. Bu haqda Parlament quyi palatasi rasmiy veb-saytiga tayanib, O‘zA xabar berdi.
O‘rganishlar doirasida dastlab Xonqa tuman tibbiyot birlashmasi, 50-oilaviy poliklinika va Yangi Hayot qishloq vrachlik punktlarida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati, ambulator hamda patronaj xizmati, tez tibbiy yordam va statsionar xizmati, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik holati, kadrlar bilan ta’minlanganlik darajasi, zarur dori vositalari, tibbiy buyumlar, shu jumladan, uskunalar, laboratoriya vositalarining mavjudligi, ijtimoiy dorixonalar faoliyati o‘rganildi, tizimdagi mavjud kamchiliklar yuzasidan tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
O‘rganishlar natijasida aniqlanishicha, tuman tibbiyot birlashmasi tez tibbiy yordam xizmatida 8 ta avtomashina mavjud bo‘lib, 2 tasining holati qoniqarsiz, yana 5 ta avtomashinaga ehtiyoj bor. Tibbiyot birlashmasining moddiy texnik bazasi eskirgan. Laproskopiya apparatiga ehtiyoj bor. Shifoxonadagi sanitar ahvol qoniqarsiz. Mavjud holatlarni bartaraf etish maqsadida mutasaddi idoralar vakillari bilan birgalikda bir qator amaliy chora-tadbirlar belgilandi.
Shundan so‘ng, maktabgacha ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar holati o‘rganilib, “Do‘mboqcha”, “Navbahor”, “Gulshan”, “Bulbulcha” maktabgacha ta’lim muassasalaridagi sharoit ko‘zdan kechirildi. Tuman hududdidagi 30 ta MTMlarning aksariyati kapital ta’mirga muhtoj ekanligi, bolalarga ovqat berish sifatini talab darajasida emasligi, birlamchi zarur dorilarning yetarli emasligi tanqidiy tahlil etilib, ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida tuman mutasaddilariga tegishli ko‘rsatmalar berildi, ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida tumanni ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish dasturiga bir qator takliflar tayyorlandi.
Shuningdek, savdo obyektlaridagi aholi uchun yaratib berilgan sharoit, narx-navoning barqarorligini, plastik orqali savdo qilish xizmati holatini o‘rganish maqsadida Xonqa dehqon bozori, Xonqa buyum bozori, Xonqa savdo majmuasi, Xonqa Market kabi bir qator savdo obyektlariga tashrif buyurildi.
O‘rganishlar yakunida aniqlangan muammolar tuman, viloyat, respublika miqyosida hal etilishiga qarab saralanadi hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlariga kiritiladi.
Izoh (0)