O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yil bahor faslida Ozarbayjonga rasmiy tashrif bilan borishi mumkin. Bu haqda 20-fevral kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan ikki davlat tadbirkorlari biznes-forumida Ozarbayjonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Guseyn Guliyev ma’lum qildi, deya xabar beradi “Xalq so‘zi”.
“Prezidentlar bir-birini yaxshi taniydi, ular bir qator xalqaro maydonlarda uchrashishgan. Aniq sanani hozir aytish qiyin, lekin tashrif shu yilning bahori, ehtimoli bilan may oyi oxirida bo‘ladi”, — dedi elchi.
Diplomatning ta’kidlashicha, tashrif davomida keng doiradagi yo‘nalishlar, xususan, neft-gaz, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari, oziq-ovqat sanoati bo‘yicha hamkorlik masalalari ko‘rib chiqiladi.
Tomonlar transport-logistika aloqalarini yanada rivojlantirish, jumladan, Baku — Tbilisi — Kars yo‘lagini yaratish masalasini ham muhokama etishi kutilmoqda.
Izoh (0)