Qozog‘istondagi fojiada halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning oilalariga moddiy ko‘mak berish maqsadida tashkil qilingan xayriya aksiyasi doirasida jami 330 million so‘mga yaqin mablag‘ yig‘ildi. Bu haqda aksiya tashkilotchilaridan biri bloger Xushnudbek Xudayberdiyev ma’lum qildi.
Yig‘ilgan summa 52 ga teng taqsimlandi hamda har bir halok bo‘lgan o‘zbekistonlikning oilasiga 6 million 300 ming so‘mdan ehson qilinadigan bo‘ldi.
1-bosqichda Namangan viloyatidan halok bo‘lgan 31 kishining oilalariga pullar taqsimlandi va erta-indin mazkur ehsonlar egalariga yetkaziladi.
2-bosqichda PayPal hamda GoFundMe platformasi orqali tushgan pullar tashkilotchilar qo‘liga yetib kelgandan so‘ng, qolganlarga ham yetkazish chora-tadbirlari ko‘riladi.
Bloger xayriya aksiyasini tashkil qilishda yaqindan yordam bergan barcha kishilarga, mahalliy hokimiyat vakillariga, “Aloqabank” mas’ullariga, loyihani qo‘llab-quvvatlaganlarga hamda eng asosiysi ozmi-ko‘pmi ehson qilgan saxovatpesha insonlarga cheksiz minnatdorlik bildirib qoldi.
Izoh (0)