Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi o‘z farmoni bilan so‘nggi yillarda amal qilib kelgan, Toshkent teleminorasida suratga va videoga olishga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi, deb yozadi “Gazeta.uz” vazirlik axborot xizmatiga tayanib.
“Bugungi kundan e’tiboran, teleminora tashrifchilari tomosha maydoniga va restoranga o‘zlari bilan telefon, planshet, noutbuk va fotoapparatlarini olib chiqishi mumkin”, — dedi teleminora xodimasi. Ilgari bunday qurilmalarni maxsus yuk saqlash joylarida qoldirishga to‘g‘ri kelardi.
Ushbu o‘zgarish O‘zbekiston Prezidentining “Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq kiritilgan. Unga ko‘ra, jamoat joylari, binolar va inshootlarda cheklovlarsiz foto va video olishga ruxsat berilgan edi.
Teleminorada foto va videotasvirga olish uchun alohida to‘lov yo‘q. U yerga kirish uchun O‘zbekiston fuqarolari 25 ming, chet elliklar 40 ming so‘m to‘lashi kerak. Pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat bo‘lishi majburiy.
Izoh (0)