Surxondaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov chekka qishloqdagi masjid ochilishida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma’lum qildi.
Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidagi Nilu qishlog‘i aholisi 2070 nafardan kishidan iborat bo‘lib, qishloq markazida Sarihavz nomi bilan mashhur ziyoratgoh (majmua) bor, uning ikkinchi nomi Bahouddini balogardon.
“Bu muborak qadamjo Bahouddin Naqshband hazratlarining qadamjolari bo‘lib, mazkur majmuaga masjid binosi (juda ko‘rkam), hovuz (suvi tiniq, sof, shirin, qishda iliq, yozda sovuq, Nilu qishlog‘ining aholisi uchun yagona ichimlik manbai), tut va chinor (aylanasi 35–36 metr, balandligi 70 metr va O‘rta Osiyoda ikkinchi o‘rinda turadigan) tabarruk daraxtlari kiradi”, — deyiladi xabarnomada.
Bugun, 4-fevral kuni masjid rasman ish faoliyatini boshladi. Masjidning ochilishida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etdi.
Endilikda hududdagi aholining bir necha kilometr uzoqlikdagi masjidlarga qatnashiga zarurat qolmadi, deyiladi xabarda.
Izoh (0)