To‘rt kun avval Londonning “Chelsi” klubidan Dortmundning “Borussiya”siga ijaraga berilgan Mishi Batshuayi, Germaniya Bundesligasidagi ilk o‘yinida 2 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Belgiyalik futbolchi “Kyoln”ga qarshi bellashuvni boshlang‘ich tarkibda o‘tkazdi. U 35-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, 62-daqiqada ikkinchi bor dortmundliklarni oldinga olib chiqdi. O‘yin “Borussiya”ning 3:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakuniga yetdi.
“Borussiya Dortmund” bungacha ketma-ket uch o‘yinda durang o‘ynab, jami 6 ochko yo‘qotgandi. Mishi Batshuayining qadami esa jamoa uchun yoqdi. Aynan to‘rt kun avval klub asosiy hujumchisi Pyer-Emerik Obameyangni “Arsenal”ga pullab yuborgandi.
Qiziq tomoni, Antonio Konte boshchilik qilayotgan “Chelsi” safida Batshuayi joriy mavsum 12 ta o‘yinda maydonga tushib, “Uotford”ga qarshi bellashuvdagina 2 ta gol urgandi. Dortmundda esa 24 yoshli futbolchi debyut o‘yinidayoq shunga muvaffaq bo‘ldi.
Izoh (0)