“Milliy xavfsizlik xizmati, prokuratura sohalaridagi o‘zgarishlar jamiyatda adolat tamoyilini yanada kuchaytirishga qaratilgan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning har bir sohaga ana shu nuqtai nazardan chuqur kirib borayotgani katta jasorat. Uni bu yo‘lda butun xalqimiz qo‘llab-quvvatlashi kerak”, — deydi yuridik fanlari doktori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Halim Boboyev. Uning so‘zlarini O‘zA muxbiri yozib oldi.
Davlatimiz rahbarining parlamentga murojaatnomasida har qaysi huquqni muhofaza qilish organi bevosita o‘z vakolati doirasidan chiqmaydigan, bir-birining funksiyasini takror etmaydigan tizim shakllantirishimiz shart, deb qayd etgan edi.Aynan shu yo‘nalishda chalkashliklar yuzaga kelgani, bitta idoraning, masalan milliy xavfsizlik xizmatining vakolatlari kuchayib ketgani sohada ayrim noxush holatlar paydo bo‘lishiga olib kelgani, tizimda korrupsiya holatlari uchragani sir emas.
Bu sohada uzoq vaqt ochiq islohot olib borilmagani uning xalq uchun mavhumlashib borishiga, mazkur idoraning xalqdan butunlay uzilib qolishiga sharoit yaratdi.
Prezidentimiz barcha sohalarda yangicha yondashuv asosida islohot o‘tkazayotgani, ya’ni jamoatchilik nazorati institutlarini kuchaytirish, har bir idora faoliyatini xalq manfaatiga bo‘ysundirishga qaratilgan sa’y-harakatlari butun xalqning ko‘nglidan chiqmoqda.
Davlatimiz rahbari sud va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ishiga faqat va faqat xalqimizning o‘zi baho beradi, deb aytganining o‘zidayoq sohani xalqparvar tizimga aylantirish maqsadi mujassam. Shunday emasmi?
Shu nuqtai nazardan Milliy xavfsizlik xizmati faoliyatini ham isloh qilishga kirishilgani, sohaga oid qonun ishlab chiqilishi islohotlarda mutlaqo yangi sahifa ochdi.
Prezidentimiz rahbarligida bo‘lib o‘tgan Milliy xavfsizlik xizmatining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishida mazkur xizmatning faoliyati xolis baholangan holda, uning ayrim bo‘linmalari va hududiy boshqarmalari faoliyati tanqid qilingan. Zamon talablaridan kelib chiqqan holda, Milliy xavfsizlik xizmatining tarkibiy tuzilishini qayta ko‘rib chiqish kerakligi ta’kidlangan.
Biz bunday xolis yondashuv, tashabbusni qo‘llab-quvvatlaymiz. Sohada kadrlar bilan bog‘liq o‘zgarishlar amalga oshirilgani xalqimiz kutgan juda to‘g‘ri qaror bo‘ldi.
Izoh (0)