Buxoroda qimorxona tashkil etgan bir guruh shaxslar qo‘lga olindi va ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi. Bu haqda viloyat IIB ma’lum qildi, deya xabar beradi UzNews.
Buxoro shahridagi Afrosiyob ko‘chasida, sobiq Jondor avtoturargohi oldida joylashgan uyda Omon Omonov qimor o‘yini tashkil qilib, unga o‘zining tanishlarini jalb qilgan.
IIB tomonidan o‘tkazilgan tadbirda muqaddam sudlangan, Vobkent tumanilik Umar Hasanov hamda muqaddam sudlangan, Buxoro shahrida istiqomat qiladigan Bobir Davlatov mazkur xonadonga qimor o‘ynash uchun kelganligi aniqlandi.
Shuningdek, Andijon viloyatidan kelgan “mehmonlar” — Oltinko‘l tumanida yashovchi Davronbek Axmedov va Bekzod Hamroyev qimor o‘ynayotganlarida hududiy profilaktika inspektori va tezkor xodimlar tomonidan ushlandi.
Ulardan daliliy ashyo sifatida 2 pachka karta, 2 million so‘mga yaqin pul va 150 dollar xolislar ishtirokida olindi. Qimorbozlarga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy qaror qabul qilinishi uchun sud idoralariga taqdim qilindi.
Izoh (0)