Ravshan Haydarov murabbiylik qilayotgan O‘zbekiston U23 termasi o‘z tarixida ilk bor Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi.

Foto: O‘FF

Xitoy mezbonligida o‘tgan Osiyo Chempionatining finalida o‘zbekistonlik futbolchilar Vyetnamga qarshi maydonga tushdi va 119-daqiqada urilgan gol evaziga zafar quchdi.

Final ishtirokchilari qor bilan qoplangan stadionga chiqib keldi. Bellashuvning 8-daqiqasida o‘zbekistonlik futbolchilar burchak zarbasidan keyin oldinga chiqib oldi. Vyetnamlik himoyachilar Rustam Ashurmatovni qo‘riqlay olmadi va “Bunyodkor” himoyachisi boshi bilan aniq zarba yo‘lladi.

Bo‘lim yakuniga 4 daqiqa vaqt qolganida esa muvozanat tiklandi. Vyetnam terma jamoasi a’zolari jarima zarbasidan qoyilmaqom tarzda foydalanib, hisobni tenglashtirishga erishdi.

Tanaffus ham bitta bo‘lim bilan teng vaqt davom etdi. Uning davomida maydon qordan ancha tozalab olindi. Shuningdek, oq formada to‘p surayotgan va bu bilan teletranslyatsiyalar sifatiga ham ta’sir ko‘rsatayotgan o‘zbekistonlik futbolchilar ikkinchi bo‘limda maydonga ko‘k rangli libosda chiqib kelishdi.

Ikkinchi 45 daqiqalikda garchi qor ancha tozalab qo‘yilgan bo‘lsa-da, gol urishning iloji bo‘lmadi. Shu tariqa hakamlar 15 daqiqadan ikkita qo‘shimcha taym belgilashga majbur bo‘ldi.

117-daqiqaga kelib Ravshan Haydarov baland bo‘yli hujumchi Andrey Sidirovni maydonga tushirdi. Aynan u 119-daqiqada burchakdan yetkazib berilgan to‘pni oyog‘i bilan darvozaga joylab qo‘ydi va jamoasiga chempionlik taqdim etdi.

Osiyo Chempionati U23

Final

27-yanvar, shanba

O‘zbekiston — Vyetnam 2:1

Gollar: Rustam Ashurmatov, 8 (1:0). Nguyen Xai, 41 (1:1). Andrey Sidirov, 119 (2:1).

O‘zbekiston: Botirali Ergashev — Rustam Ashurmatov, Akrom Komilov, Abbos Otaxonov (Bobur Abduxoliqov, 103), Aziz G‘aniyev, Odil Hamrobekov, Jasur Yaxshiboyev (Doniyor Narzullayev, 46), Zabihillo O‘rinboyev, Javohir Siddiqov (Andrey Sidirov, 117), Doston Hamdamov, Doston Tursunov.