O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov “Real Madrid” futbol akademiyasi direktori Xulio Ronko bilan uchrashish uchun Ispaniya poytaxtiga jo‘nab ketdi.
Safardan ko‘zlangan asosiy maqsad — O‘zbekistonda bolalar futbolini rivojlantirish masalalarini muhokama qilish va albatta, “Qirollik klubi”ga qarashli akademiya filialini Toshkentda ochish masalasini hal qilishdan iborat bo‘ladi.
Bolalar futbolini rivojlantirishda O‘zbekiston futbol federatsiyasi mamlakat hududini to‘rt qismga bo‘lish masalasini o‘rtaga qo‘ygandi. Unga ko‘ra, har bir hududga xorijiy mutaxassislar javobgar bo‘lishi kerak. Ularni birlashtirib turuvchi qismga esa katta ehtimol bilan belgiyalik mutaxassislar javob beradi.
Madridga tashrifi davomida Umid Ahmadjonov Ispaniya futbol federatsiyasi rahbariyati bilan ham ko‘rishadi. Shuningdek, La Liganing 20-turidan o‘rin olgan “Real” — “Deportivo” uchrashuvini “Santyago Bernabeu” arenasining prezidentlar lojasidan kuzatib boradi.
Rejaga ko‘ra, 23-yanvar kuni Umid Ahmadjonov Fransiya futbol federatsiyasi rahbariyati bilan ko‘rishadi va fikrlar almashadi.
Izoh (0)