Salom! Men ikki shirin farzandning onasiman. Dam olish kunlari farzandlarimga biror shirinlik tayyorlashga oshiqish — men uchun odat tusiga aylangan.
Bugun uncha qiyin bo‘lmagan “Ulitka” pirogini tayyorlash arafasida, uning ba’zi jihatlarini siz bilan bo‘lishishni istadim. Ba’zan shunday bo‘ladiki, million xil xayollar og‘ushida aynan nima tayyorlashingiz borasida soatlab bosh qotirishingizga to‘g‘ri keladi. Mana shunday vaqtda “Ulitka” sizga manzur bo‘lishidan umidvorman. Uni bizning uyda sevib qarshi olishadi.Bizga kerakli masalliqlar
Xamir uchun:
- 2—3 stakan un
- Bir chimdim tuz
- 1 choy qoshiq soda
- 200 gramm sariyog‘
- 250 gramm kefir (yoki qatiq)
- 2 osh qoshiq shakar
- Vanil (ta’bga ko‘ra)
- 400 gramm olcha
- 2 osh qoshiq kraxmal
- 3 osh qoshiq shakar (ta’bga ko‘ra)
Qanday tayyorlaymiz?
Xamir uchun 2 stakan un elakdan o‘tkazilib, tuz va soda bilan aralashtiriladi. 2 qoshiq shakar hamda to‘g‘ralgan sariyog‘ solinib, uvalab olinadi, so‘ngra unga kefir qo‘shilib, yumshoq xamir qoriladi.Xamir muzlatgichda tinguniga qadar, olchani danagidan ajratib olamiz. Tingan xamirimizni 3 millimetr qalinlikda yoyib, uzunligi 20—30 santimetr, eni esa 7—8 santimetrni tashkil qiladigan tasmalar kesamiz.
Har bir tasma o‘rtasiga bir qator olchalarni terib, kraxmal (olchaning suvi oqib ketmasligi uchun) va shakar sepamiz.
Keyin tasmalarimizni bir-biriga yopishtirib, folga to‘shalgan qolipga aylana shaklida joylashtiramiz.
Asosiy ishni qilib bo‘ldik. Endi uni gaz pechida 30—40 minut davomida (qizarguniga qadar) 180 gradusda pishirib, ustini shakar upasi bilan bezatamiz.
P.S. Xamirimiz universal bo‘lib, ta’bingizga va sharoitingizga ko‘ra, olcha o‘rniga boshqa turdagi mevalardan foydalanishingiz ham mumkin.
Sizga yoqimli ishtaha tilab, hurmat bilan @YaMamulya
Izoh (0)