AQSh Davlat departamenti rasmiy saytida amerikaliklarni Shimoliy Koreyaga safarlar xavfli ekanligi haqida ogohlantirdi, deb yozadi “Korrespondent.net”.
Muassasa AQSh fuqarolarini hibsga olinish xavfi yuqori bo‘lgani tufayli, KXDRga safar qilishdan tiyilishga chaqirmoqda. Bundan tashqari, diplomatlar eslatishicha, amerikaliklar Shimoliy Koreyaga Davlat departamentining maxsus ruxsatnomasisiz bora olmaydi.
Ta’kidlanishicha, AQSh KXDRga yetib kelgan amerikaliklarga shoshilinch yordam ko‘rsata olmaydi, chunki tomonlar diplomatik va konsullik aloqalariga ega emas.
Davlat departamenti Shimoliy Koreyaga borish uchun maxsus ruxsatnoma olgan fuqarolar uchun qator tavsiyalar tayyorlab qo‘ydi. Diplomatlar mamlakatdan hamma ham qaytib kela olmasligi haqida ogohlantirmoqda, shu sababli, ular vasiyatnoma yozish, qarindoshlar bilan bolalar uchun vasiylik imkoniyatini muhokama qilish, shuningdek, dafn marosimiga tayyorgarlik ko‘rishni maslahat bermoqda.
Izoh (0)