Xonanda Otabek Muhammadzohid to‘ylarda yarim-yalang‘och kiyinib raqsga tushayotgan raqqosalarni qattiq tanqid qildi. Xonanda bu masalaga jurnalist Feruz Muhammadga bergan intervyusi davomida to‘xtalib o‘tdi.

Foto: “Daryo”

Xonandaning so‘zlariga ko‘ra, Farg‘ona vodiysidagi ikkita to‘yda u ayniqsa ko‘p asabiylashgan, raqqosa qizlar sabab to‘yda xizmat qilishdan ham bosh tortgan.

Farg‘onada ikkita to‘yda juda qattiq asabim buzildi. Farg‘onada to‘yga borsak, xonanda aka-ukalarimiz, kuttirmasdan darrov navbat berishadi. Bir to‘yda 5—10 daqiqa choy ichib o‘tirgim keldi. Shu joyda bir raqs guruhiga navbat berishdi. Haligilar arabcha, yarim-yalang‘och kiyimlarni kiyib, “Lazgi”ga raqsga tushib ketdi. Raqs tugashi bilan, hech kim e’lon qilishini ham kutmay, mikrofonni shartta oldimda: “Kim chaqirdi bularni, qani bu guruhning rahbari?”, dedim.

Guruh rahbari yoshgina bir qiz ekan. O‘tirganlarga qarab: “Sizlarga ham hayronman, kim sizlarni o‘zbek deydi? Hozir shu yarim-yalang‘ochlarga qarsak chaldilaring-a? Bularni nimasiga qarsak chaldingiz?! Yarim-yalang‘och kiyimda ‘Lazgi’ga raqsga tushishga kim ruxsat bergan?!”, — deya, gapiradigan gapimni gapirib, “Bunaqa to‘yda qo‘shiq aytmayman”, deb chiqib ketdim.

Yana bir to‘yda xuddi shuning davomi bo‘ldi. Ko‘plab ayollar, hoji-onalar o‘tirgan to‘yda qo‘shiq aytayotsam, yarim-yalang’och to‘rt qiz “Tezroq tugating, biz raqsga tushimiz kerak”, degan ma’noda oldimga turib oldi. “O‘tir!”, — dedim haligilarga. Kayfiyatim tushib ketib, “Bularni kim chaqirgan? Men erkak bo‘lib bularga qarashga uyalyapman. Kimga kerak shunaqa narsalar? Bu hayosizlik o‘zbekchiligimizga yarashadimi?”, — deya o‘sha davradan ham chiqib ketdim.

Otabek Muhammadzohid, xonanda

Xonandaning ta’kidlashicha, u raqsni, “o‘zini saqlab” yurgan taniqli raqqosalarni hurmat qiladi, lekin to‘ylardagi yarim-yalang‘och chiqishlardan norozi.

Bo‘layotgan ishlarni kimdir baribir gapirishi kerak-da, bularga barchamiz ko‘z yumib ketaversak, ahvol qachon yaxshilanadi?! Shaharlardagi to‘ylarga raqqosa qizlar chaqirilmoqda, ular arabcha kiyimlarda, qo‘pol qilib aytganda — yarim yalong‘och, ochiq kiyimlarda raqsga tushmoqda. To‘ydagi ayollar, erkaklar esa befarq — ularga qarsak chalib, bu holni oddiy qabul qilyapti.

Taniqli raqqosa qizlarimizni yaxshi bilaman. O‘tirib gaplashsangiz, ularning fiklarlari nihoyatda go‘zal, o‘zini saqlab, nari borsa konsertlarda, kliplarda raqs tushib, shu bilan kifoyalanib yuribdi. O‘sha raqqosalarni hurmat qilamiz. Qiz bola misoli gul, nihol bo‘lsa, o‘zlarini qadriga yetmaydigan joylarga borib, raqsga tushish nima uchun kerak? Mayli, raqsga tushganda ham o‘zbekcha raqslarga, yopiq kiyimlar bilan tushsa bo‘lmaydimi?

Otabek Muhammadzohid, xonanda