O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligida Chonnam universiteti (Chonnam National University) vakillari hamda koreyalik ishbilarmonlar bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Xabar berishlaricha, ta’limning yuqori sifati, o‘qituvchilar tarkibi, rivojlangan infratuzilmasi va faol ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan tanilgan Chonnam universiteti O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligining asosiy hamkorlaridan biri sanaladi.
Uchrashuvda maktabgacha ta’lim sohasidagi hamkorlikning dolzarb jihatlari ko‘rib chiqilgan, O‘zbekistondagi vazirlik va Janubiy Koreyadagi oliygoh o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilingan.
Ishbilarmonlar bilan uchrashuvda Koreya tomoni maktabgacha ta’lim sohasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish niyatini bildirgan. Xususan, koreyalik investorlar O‘zbekistonda bolalar bog‘chalarini qurishga tayyorligini ma’lum qilgan.
“Hamkorlar O‘zbekistonda koreys modeli asosida namunaviy bog‘cha qurish istagini bildirdi, shuningdek, O‘zbekistondagi maktabgacha ta’lim muassasalari uchun mebel va inventarlar ishlab chiqarishni tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi”, — deyiladi vazirlik axborotida.
Izoh (0)