Osiyo Chempionlar Ligasining guruh bosqichiga yo‘llanma olish uchun jiddiy kirishgan Toshkentning “Paxtakor” klubi “Nasaf”ning yana bir a’zosiga sovchi qo‘ydi. Bunda gap hujumchi Bobur Abduxoliqov haqida ketmoqda, deb yozdi “Championat.asia” nashri.
Norasmiy xabarga ko‘ra, transfer 3 milliard so‘mni tashkil qilishi katta ehtimol. Bunda “Paxtakor”ning o‘zi shu pulni taklif qilganmi yoki “Nasaf” shuncha so‘raganmi — aniq emas. Qarshiliklar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyevning o‘zi “Paxtakor” Abduxoliqovga jiddiy qiziqayotganini tasdiqladi.
O‘tgan mavsum yarmida toshkentliklar darvozabon Eldor Suyunov va himoyachi Sherzod A’zamov uchun “Nasaf” hisob raqamiga 1 milliard so‘m o‘tkazib bergandi. Biroq mavsum yakunidan keyin Bahrom Abdurahimov, Akmal Shorahmedov, Farruh Sayfiyev, Dilshod Rahmatullayev kabi “Nasaf” futbolchilari “Paxtakor” uchun tekinga tushdi.
Berdiyev bergan ma’lumotga ko‘ra, “Nasaf” akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblangan Abduxoliqovning qarshiliklar bilan shartnomasi 2020-yil so‘ngiga qadar amal qiladi. Shu boisdan ham qolgan klublar uni shunchaki qo‘lga kirita olmaydi.
Bungacha “Paxtakor” asosiy hujumchisi Igor Sergeyevni qo‘yib yuborgandi. Ayni paytda Shota Arveladze murabbiyligidagi jamoa yaxshi hujumchini o‘z safiga qo‘shib olish uchun jiddiy bel bog‘lagan.
Bobur Abduxoliqov esa O‘zbekiston U23 termasi safida Osiyo Chempionatiga yo‘l olgan.
Izoh (0)