Futbol bo‘yicha Italiya A seriyasining 2-davra o‘yinlari boshlandi. “Inter” va “Roma”ni inobatga olmaganda, qolgan yetakchilar 20-turni muvaffaqiyatli yakunlashga erishdi.
Spaletti boshchilik qilayotgan “Inter” ketma-ket besh o‘yindan buyon raqiblarini taslim qila olayotgani yo‘q. Bu safar milanlik futbolchilar Florensiyadagi o‘yinning so‘nggi daqiqasida g‘alabani qo‘ldan chiqardi.
“Roma” esa turning markaziy o‘yinida “Atalanta”dan 45 daqiqa davomida 1 ta ko‘p o‘ynab, yakunda baribir mag‘lub bo‘ldi. “Atalanta” yangi yil arafasida Neapolda “Napoli”ni yengib, Italiya Kubogining yarim finaliga yo‘l olgandi. Endi esa A seriyada yetakchilar “qonini ichishni” boshlashdi. Mazkur klub Yevropa Ligasida “Everton”, “Lion” kabilardan ustun bo‘la olgandi.
“Milan” uchun 2018-yil omadli start oldi. Mavsum boshida “Yuventus”dan sotib olingan va jamoa sardoriga aylantirilgan Leonardo Bonuchchi milanliklar safidagi debyut golini urib, jamoasiga 3 ochko keltirdi.
“Latsio” safida esa Chiro Immobile 4 ta gol urishning uddasidan chiqa oldi. Natijada u 18 ta o‘yindagi 20 ta goli bilan to‘purarlar poygasida peshqadam bo‘lib oldi. “Inter”ning argentinalik hujumchisi Mauro Ikardi esa 20 ta o‘yinda 18 ta gol urishga erishib, ikkinchi bo‘lib turibdi.
Mazkur turda A seriyaning ikki peshqadami — “Napoli” va “Yuventus” navbatdagi g‘alabalarni qo‘lga kiritdi. Shu bilan A seriya klublari 21-yanvarga qadar tanaffusga chiqib ketadi.
Italiya A seriyasi 20-tur o‘yinlari 6-yanvar, shanba
Izoh (0)