O‘zbekistonda tegishli huquqiy tartibga solish mexanizmlariga ega bo‘lgan tibbiyot turizmini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqiladi. Bu haqda Prezidentning mamlakatda xususiy meditsinani rivojlantirishga yo‘naltirilgan 2017-yil 29-dekabr kungi qarorida so‘z yuritiladi, deb yozadi “Spot.uz”.
Konsepsiya doirasida, shuningdek, zamonaviy tibbiyot komplekslari yaratiladi, xorijiy fuqarolarning O‘zbekistonda bo‘lish davrida ularga tashkiliy-maslahat ko‘magi ko‘rsatilgan holda mamlakatga kirish va chiqish tartibi soddalashtiriladi. Konsepsiya uch oy ichida ishlab chiqilishi lozim.
Shu muddat mobaynida xususiy tibbiyot tashkilotlari axborot tizimlarini “Sog‘liqni saqlash” axborot tizimlari kompleksiga va keyinchalik Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga integratsiyalash bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Mazkur qonun noyabr oyida muhokamaga qo‘yilgan edi. Unda, jumladan, xususiy klinikalarni rivojlantirishga 14 million dollar — respublikaning har bir mintaqasi uchun 1 million dollardan ajratish taklif qilingan edi. Mablag‘ning 95 foizi tibbiy jihozlarni xarid qilish, qolgan besh foizi yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish va shifokorlar malakasini chet elda oshirishga qaratiladi.
Izoh (0)