Kecha — 5-yanvar kuni O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov maxsus ishchi guruh bilan Jizzax shahriga tashrif buyurdi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad Jizzax viloyati futbol federatsiyasidagi umumiy holatni o‘rganish edi, deb yozdi O‘FF matbuot xizmati.
O‘FF rahbariyati Jizzax viloyati hokimi va bir vaqtning o‘zida Jizzax FF prezidenti hisoblangan Ergash Soliyev bilan uchrashib, viloyatda futbolni ommaviylashtirish va rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida suhbatlashgan.
Tashrif davomida O‘FF delegatsiyasi “So‘g‘diyona” stadioniga borgan. Keyin esa Ergash Soliyev va “So‘g‘diyona” klubi prezidenti O‘ktam Mahmudjonov bilan birgalikda klub qoshida mashg‘ulot olib borayotgan bolalar guruhlari a’zolari bilan suhbatlashib, shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishgan. Yakunda ularga sovg‘a sifatida futbol to‘plari taqdim qilingan.
Tashrif davomida ayollar futboli va futzal masalasi ham o‘rganilgan. Keyin esa “So‘g‘diyona” akademiyasi uchun ajratilgan yerga borib, u yerdagi holatni ko‘zdan kechirgan. Klub rahbariyati tez orada muhtasham futbol akademiyasi qad rostlashi haqida aytib o‘tgan.
Tashrif masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda Jizzax viloyati futbol federatsiyasi xodimlarining faoliyati tanqidiy tahlil qilindi. Shundan kelib chiqib, O‘FF prezidenti tomonidan kadrlar masalasini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq berilgan.
Izoh (0)