2017-yilda dunyo bo‘yicha to‘qqizta yirik aviahalokat yuz berdi, ularning oqibatida 67 kishi halok bo‘ldi. Bu aviatsiya tarixidagi aviahalokatlar oqibatida qayd etilgan o‘lim bo‘yicha eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar berdi.
Xabar berilishicha, 2017-yilda aviahalokatlar beshta yuk va to‘rtta yo‘lovchi samolyoti bilan yuz bergan. Bunda havo kemalari halokati oqibatida halok bo‘lganlarning aksariyati, ya’ni 35 kishi yerda bo‘lgan vaqtda vafot etgan.
O‘rganishlar 1997-yildan buyon xavfsizlik choralarining kuchaytirilishi natijasida halokatlarning sezilarli darajada kamayib kelayotganini ko‘rsatgan. Ta’kidlanishicha, 2017-yilning 31-dekabr holatiga yo‘lovchi samolyot bilan yuz bergan so‘nggi halokatga 398 kun, 100 dan ortiq kishining o‘limiga sabab bo‘lgan halokatga esa 792 kun bo‘lgan.
Aviatashuvlarning hozirgi holati hisobga olinsa, aviahalokatlar ehtimoli yo‘lovchi reyslarda har 9 200 000 taga bitta to‘g‘ri keladi.
Izoh (0)