“Kasperskiy laboratoriyasi” ekspertlari mobil troyanlar ichida haqiqiy “terminator”ini topdi, deb yozadi Hi-Tech Mail.Ru. Loapi deb nom olgan zararkunanda qurbonni pulli servislarga obuna qilishdan tortib, kriptovalyuta orttirishgacha bo‘lgan zararli xatti-harakatlarning cheklanmagan to‘plamini amalga oshirishga qodir. Haddan tashqari katta yuklama natijasida smartfon akkumulyatori portlab ketadi.
Loapi reklama kampaniyalari yordamida tarqaladi, ular virusni yovuz niyatlilar saytlaridan yuklab olishni taklif qiladi. Hozirda bunday manbalar 20 ga yaqin, ular antiviruslar sahifalari, shuningdek, kattalar uchun saytlar niqobi ostiga yashiringan. Ulardan yuklab olinadigan troyan ham mobil himoya yoki kattalar uchun dasturlarni o‘ziga niqob qilib oladi.
O‘rnatib bo‘lingach, Loapi administrator huquqini so‘raydi, huquq bermaslikning iloji ham yo‘q — virus boshqa variantni tanlashga yo‘l qo‘ymaydi. Agar foydalanuvchi Loapi’dan administrator huquqini olib qo‘yishga urinsa, u qurilma ekranini bloklaydi va sozlamalar oynasini yopib qo‘yadi.
Eng xavflisi shuki, ekspertlar ta’kidlashicha, trafik generatsiyasi moduli va mayner smartfonga shunchalik ko‘p “yuk ortadiki”, qurilma akkumulyatori troyanning ikki kunlik “faoliyati”dan keyin to‘g‘ri ma’noda portlab ketadi.
Izoh (0)