2017-yilning 22-avgust kuni soat taxminan 15:30 da Toshkent shahar Olmazor tumani Farobiy ko‘chasida joylashgan oshxona oldidagi avtoturargohda Sh.S qizi Z.J bilan til biriktirib, Z.Jning joriy yil 16-avgust kuni tug‘ilgan farzandini 1000 AQSh dollariga sotayotgan vaqtda ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Aniqlanishicha, Z.J 2014-yil Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidan Toshkent shahriga kelib ishga joylashadi. 2016-yil oktabr oyida tanish yigitdan homilador bo‘lib qoladi.
Xabarda qayd etilishicha, mahalla-ko‘y oldida nomusga qolishdan qo‘rqqan ona-bola o‘zaro kelishgan holda chaqaloqni sotishga harakat qiladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida mazkur jinoiy ish ko‘rib chiqildi.
Sudlanuvchi Z.J aybiga to‘liq iqror bo‘ldi. Adashganini, qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, farzandini unga qaytarib berishni iltimos qildi.
Sud hukmiga binoan sudlanuvchilar Z.J va Sh.S O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga asosan ikki yil sinov muddati bilan ozodlikka chiqarildi.
Izoh (0)