Rossiyaning Astraxan viloyatidan o‘tgan “Astraxan — Mahachqal’a” federal trassasida 13-dekabr, chorshanba kuni yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida olti kishi, jumladan, bir go‘dak halok bo‘ldi. “TASS”ning hududiy yo‘l politsiyasiga asoslanib xabar berishicha, yana uch kishi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Avariya Moskva vaqti bilan 9:00 da, Astraxan viloyatining Ikryaninskiy tumanida yuz bergan, Hyundai Solaris avtomobili Toyota Corolla bilan to‘qnashgan.
“Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Toyota Corolla haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi qatnov qismiga chiqib ketgan va Hyundai Solaris bilan oldma-old to‘qnashgan. Oqibatda olti kishi, jumladan, 1—2 yosh atrofidagi bir go‘dak halok bo‘lgan, uch kishi shifoxonaga yotqizilgan”, — deyiladi politsiya bayonotida.
Hozirda qurbonlar va jabrlanuvchilarning shaxsi aniqlanmoqda. Hodisa joyida politsiya xodimlari ish olib bormoqda. Tekshiruv ishlari boshlangan, hodisa tafsilotlari o‘rganilmoqda.
Izoh (0)