Afg‘onistonning Juzjon viloyati Darzob tumanida, Turkmaniston chegarasiga yaqin hududda IShID tomonidan yollangan 300 ga yaqin yosh jangari tayyorgarlik o‘tamoqda. Bu haqda, Pajhwok agentligiga asoslanib, EADaily xabar bermoqda.
Tuman rahbari Boz Muhammad Davor Mo‘g‘ul qishlog‘ida terrorchilarning yetakchilari katta yig‘ilish o‘tkazib, ko‘plab yangi jangarilar yollaganini ma’lum qildi.
Davorning ma’lumotiga qaraganda, IShID asosan 20 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni yollab, ularga 30–40 ming afg‘oniy (434–580 dollar) oylik maosh to‘laydi. Mashg‘ulotlardan so‘ng ular Afg‘oniston harbiylariga qarshi kurashga yo‘llanadi.
Darzob tumani Juzjon markazi Shibirg‘ondan 105 kilometr narida joylashgan. Viloyat hududining katta qismi IShID nazorati ostida.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)