Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra Suriya va Iroqdagi “faol terrorchilik” zonalarida 390 nafar qozog‘istonlik bolalar mavjud, ularning bir qismi yaqin vaqt ichida o‘z vataniga yetkaziladi. Bu haqda Qozog‘iston milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nurgali Bilisbekov ma’lum qildi, deb xabar berdi “Interfaks”.
“Faol terrorchilik zonalarida joylashgan bolalarni reabilitatsiya qilishga qaratilgan idoralararo ishchi guruh tashkil etildi. Ayni vaqtda 63 ta bolakay vataniga qaytarildi, yana 50 nafarining kelishi kutilmoqda… Hozirgi paytda Suriya—Iroq zonasida 16 yoshgacha bo‘lgan 390 nafar bola mavjud — 214 nafari o‘g‘il bola hamda 176 nafari qiz bola”, — dedi Bilisbekov.
Shu bilan birga uning qo‘shimcha qilishicha, raqamlar aniq bo‘lmasligi mumkin, chunki qozog‘istonliklar faol harbiy harakatlar olib borilayotgan hududda va ularning barchasi ham tirik ekanligi kafolatlanmagan. “Bizda bombardimon qilinayotgan zonalarda Qozog‘iston fuqarolari ham mavjudligi haqida ma’lumotlar bor. Raqamlarni aniqlashtirishga harakat qilyapmiz, biroq bu juda qiyin ish. Chunki konsullik xizmati ham, hukumat kuchlari ham ushbu zonalarni nazorat qilmaydi”, — deydi Bilisbekov.
Izoh (0)