Belarus Yuqori texnologiyalar parki asoschisi va sobiq rahbari Valeriy Sepkalo Mirzo Ulugbek Innovation Center (MUIC) innovatsiya markazini rivojlantirishda amaliy yordam ko‘rsatadi. Bu haqda u jurnalistlar bilan uchrashuvda aytib o‘tdi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
Valeriy Sepkalo ta’kidlashicha, O‘zbekistonda Innovatsiyalarni rivojlantirish vazirligini tashkil etish to‘g‘ri yechim hisoblanadi. Shu bilan bir vaqtda, uning fikriga ko‘ra, “O‘zbekistonni ushbu segmentda butun dunyoda hurmat qilishlari, mamlakatning o‘z brendi paydo bo‘lishi uchun jiddiy, katta yo‘lni bosib o‘tish kerak bo‘ladi”.
Valeriy Sepkalo MUIC muvaffaqiyatga erisha olishiga ishonchi komil, chunki “boshqalardan ko‘ra qobiliyatliroq yoki qobiliyatsizroq odamlar yo‘q”. “Mening ishonchim shundan iboratki, belaruslar amerikaliklar, britaniyaliklar, yaponiyaliklar va boshqa xalqlardek raqobatbardosh bo‘la oladi. Mutlaqo ishonchim komilki, O‘zbekistonda hammasi muvvaffaqiyatli bo‘ladi, chunki motivatsiyalar odamlarda bir xil, istaklar esa tabiiy. Bugungi kunda zamonaviy yigit yoki qiz nimani istaydi? Ular maosh katta bo‘lishini, ofis sharoitida ishlashni va ish chet elga safarlar bilan bog‘liq bo‘lishini xohlaydi”, — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, Mirzo Ulugbek Innovation Center innovatsiya markazini yaratishda Belarusning Yuqori texnologiyalar parkini tashkil qilish bo‘yicha ilg‘or tajribasi ham o‘rganib chiqilgan.
Izoh (0)