Arab davlatlari ligasi AQShni Quddusni Isroil poytaxti sifatida tan olish haqida qabul qilgan qarorini bekor qilishga chaqirdi va uni xalqaro qonunchilikni buzuvchi hamda BMT Xavfsizlik kengashi qarorlariga zid, qonun kuchiga ega bo‘lmagan qaror sifatida baholadi. Bu haqda Arab davlatlari ligasi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining Misr poytaxtida bo‘lib o‘tgan favqulodda yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha 10-dekabr, yakshanba kuni qabul qilingan bayonotda ma’lum qilindi, deb yozadi “TASS”.
“AQShning Quddusni Isroil poytaxti deb tan olish haqidagi qarori xalqaro qonunchilik va BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyalarni xavfli buzish hisoblanadi”, — ta’kidlanadi bayonotda.
“BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalariga asoslanib, — deyiladi hujjatda, — arab davlatlari TIV rahbarlari Quddusning xalqaro tan olingan maqomini o‘zgartirishga qaratilgan har qanday bir tomonlama harakatlarni rad etadi”.
Vashington siyosatining o‘zgarishidan kelib chiqib, arab mamlakatlari AQSh hududdagi tinch yo‘l bilan tartibga solish jarayonida homiy va vositachi sifatida o‘zini yakkalab qo‘ydi deb hisoblaydi.
Vazirlar AQShning Quddusga nisbatan qarori oqibatlarini ko‘rib chiqish uchun arab davlatlarining navbatdan tashqari yuqori darajadagi uchrashuvini chaqirish yuzasidan fikr bildirdi.
Izoh (0)