Futbol bo‘yicha 2017-yilgi mavsum nihoyasiga yetgach, “Championat.asia” nashri Oliy Liga klublarining natijalarini, ularning Yoshlar Ligasidagi jamoalari bilan qo‘shib hisoblab ko‘rdi.
O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgan Toshkentning “Lokomotiv” klubi Yoshlar Ligasiga jiddiy e’tibor bermaganini ko‘rish mumkin. Oqibatda yosh “temiryo‘lchilar” turnir jadvalida 12-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Har ikki tarkib natijalarini umumlashtirganda esa “Lokomotiv” kuchli to‘rtlikka ilingan.
Mavsumni vitse-chempion sifatida yakunlagan “Nasaf” klubiga ham Yoshlar Ligasidagi natija biroz pand berib, umumiy ro‘yxatda “ajdarlar” bitta pog‘ona sho‘ng‘igan. Toshkentning ikki klubi — “Paxtakor” va “Bunyodkor”da esa aksincha, ko‘tarilish sezilgan. “Sherlar” umumiy reytingda 119 ochko jamg‘arib, barchani ortda qoldirdi. “Bunyodkor” esa 112 ochkoga ega chiqdi.
Yoshlar Ligasida Shuhrat Maqsudov boshchilik qilayotgan “Bunyodkor” 60 ochko bilan chempion bo‘lgandi. Yosh “paxtakorchilar” ham aynan shuncha ochko to‘plagan. Biroq o‘zaro o‘yinlarda “Bunyodkor”ning natijasi yaxshi bo‘lgan. “Paxtakor” maydonida 2:0 hisobida zafar quchgan Maqsudov jamoasi, o‘z maydonida ham ustun kelgan — 1:0.
Yoshlar Ligasida kuchli to‘rtlikni “Qo‘qon—1912” va “Buxoro” klublari yakunlagani diqqatga sazovor.
Izoh (0)