Saudiya Arabistoni ayollariga haydovchilik guvohnomasini olishning asosiy shartlari ma’lum qilindi. Ar-Riyodda podshohlik tarixida birinchi bor ayollarning avtomobil boshqarishi masalalariga bag‘ishlangan umummilliy forum bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi “TASS”.
Forum Muhammad ibn Saud nomidagi Islom universiteti tomonidan tashkillashtirilgan bo‘lib, unda ayollarning mashina haydashiga ruxsat beruvchi podshohlik direktivasini (yo‘riqnoma) amalga oshirishdagi muvaffaqiyatlar muhokama qilindi. Konsultativ kengashning ayol a’zolari yordami bilan haydovchilik guvohnomasini olishni istagan talabalarga maxsus seminarlar o‘tildi.
“Universitetimizning ayollar keyingi yildan boshlab avtomobil boshqarishi yo‘lida ko‘rsatayotgan xizmatlarini qadrlaymiz. Ushbu munosabat bilan universitet va yo‘l harakati bosh Boshqarmasi o‘rtasida bitim imzolandi. Boshqarma rahbari universitetni ziyorat qilib, muhandislik va xavfsizlik sohasidagi ko‘plab mutaxassislar bilan ushbu masalani muhokama qildi”, — deydi universitet matbuot kotimi Ahmad al-Raqbon.
Haydovchilik guvohnomasini olishda o‘zining shaxsiy avtomobilini boshqarishni istagan ayollar yoshi 18 dan kichik bo‘lmasligi lozim, jamoat transportini boshqarmoqchi bo‘lganlarning yoshi 20 dan oshgan bo‘lishi, shuningdek, nomzodlar muqaddam sudlanmagan bo‘lishi kerak. Barcha nomzodlar sog‘lom bo‘lishi va tibbiy komissiyadan o‘tishi lozim. Shundan so‘ng, nomzodlar yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha yozma testni, amaliy imtihonni muvaffaqiyatli topshirishi, nihoyat belgilangan bojni to‘lashi kerak. Bundan tashqari Saudiya Arabiston fuqaroligiga ega bo‘lmagan ayollar podshohlikda yashayotganligining yuridik manziliga ega bo‘lishlari lozim.
Izoh (0)