AQSh fuqarosi Minnesotadagi Saut-Sent-Pol shahar politsiyasiga ming dollar pul solingan konvertni yuborib, uni o‘zi 30 yil avval to‘qnashib ketgan mashina haydovchisiga berib qo‘yishni so‘radi, deb yozadi Forum Daily.
Erkak o‘z ism-sharifini oshkor qilmagan va konvertda qabul qilib oluvchining manzilini ham ko‘rsatmagan. Politsiya shefi Bill Messerich “juda hayratda qolgani”ni aytdi.
“Bunday voqeaga har kuni ham duch kelavermaysan. Menimcha o‘tgan 30 yil davomida xat muallifining vijdoni qiynalib yurgan va oxir-oqibat, barchasini tuzatishga qaror qilgan”, — dedi u.
Xatda aytilishicha, muallif 1985 yoki 1986-yilda to‘xtatib ketilgan mashinaga urilib ketgan. U bundan afsus bildirgan va politsiyachilardan mashina egasini topishni so‘ragan. Agar jabrlanuvchi topilmasa, pulni politsiya ehtiyojlariga sarflashni aytgan.
Messerich qo‘shimcha qilishicha, politsiyada 1985 va 1986-yilgi qaydlar saqlanib qolmagan, shu tufayli pulni muassasa hisobiga o‘tkazishadi.
Izoh (0)