Chempionlar Ligasining ketma-ket to‘rt turida zafar quchgan “Manchester Yunayted”, 5-turdagi mag‘lubiyati sabab guruh bosqichini muddatidan avval muvaffaqiyatli yakunlagan jamoalar qatoriga qo‘shila olmadi.
Joze Mourinyo jamoasini “Bazel”ga qarshi o‘yinda durang natija ham qanoatlantirardi. Ammo “mankunianlar” Shveysariyada imkoniyatni boy berdi. O‘yindagi yagona gol 89-daqiqaga kelib kiritildi. Garchi “Yunayted” guruh peshqadami bo‘lsa-da, nazariy jihatdan pley-offga yo‘l ololmasligi ham mumkin.
Buning uchun “SSKA” so‘nggi turda “Yunayted”ni 5 ta gol farqi bilan taslim qilishi, “Bazel” esa Portugaliyadan g‘alaba bilan qaytishi kerak bo‘ladi.
Mazkur turda Moskva “armiyachilari” ishonchli g‘alabaga erishdi. Darvozabon Igor Akinfeyev 11 yil deganda Chempionlar Ligasida gol o‘tkazmay turib, o‘yinni yakunladi. Bungacha Rossiya termasi posboni har o‘yinda eng kamida 1 ta gol o‘tkazib kelayotgandi. U so‘nggi bor 2006-yil “Arsenal”ga qarshi 0:0 hisobi bilan yakuniga yetgan o‘yinda darvozasini quruq saqlay olgandi. Akinfeyevning 43 ta o‘yindan buyon davom etib kelayotgan statistikasida saralash bosqichi emas, aynan guruh bosqichi va undan keyingi pley-off o‘yinlari hisobga olingan.
Yevropa Chempionlar Ligasi “A” guruhi. 5-tur o‘yinlari 22-noyabr, chorshanba
Izoh (0)