Xitoy hukumati Somalining markaziy va janubiy tumanlarida ochlik hamda turli kasalliklardan aziyat chekayotgan bolalarga yordam ko‘rsatish uchun BMT bolalar jamg‘armasi (YuNISEF)ga ikki million dollar mablag‘ ajratdi, deb xabar beradi “TASS”.
“Mazkur qaror Pekinning xalqaro insonparvarlik faoliyati doirasidagi Somalidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlar, birinchi navbatda ayollar va bolalarni himoya qilishga qaratilgan majburiyatlari yuzasidan qabul qilindi”, — deydi Xitoyning Mogadishodagi elchisi Sin Szyan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur moddiy ko‘mak orqali 15 ming nafar bolaning sifatli ovqatlanishi va tibbiy xizmatdan foydalanishini ta’minlashga erishiladi.
“YuNISEF orqali biz uzoq hududlarda yashaydigan aholining nochor qatlami vakillarini qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirmoqdamiz. Hamkorlikdagi harakatlar orqali somaliliklarga qiyinchiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashamiz”, — deydi elchi.
Somalida 2018-yilda BMT xalqaro hamjamiyatiga a’zo davlatlar va Xitoyning yordami bilan muttasil ochlikdan aziyat chekayotgan 230 mingdan ortiq bolaga yordam ko‘rsatilishi rejalashtirilmoqda.
So‘nggi paytlarda Somalida kuzatilayotgan qurg‘oqchilik tufayli ocharchilik kuchaydi.
Izoh (0)