Zimbabve harbiy qo‘mondonligi va hukmron partiya faollari Robert Mugabe oilasi mol-mulki va aktivlarini musodara etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “TASS” xabar berdi.
Britaniyaning The Times nashriga ko‘ra, Mugabening qarindoshlari oq tanli fermerlardan tortib olingan va juda katta maydonlardan iborat yerlarga egalik qiladi. Prezidentning turmush o‘rtog‘i Greys bu yerlarning katta qismiga Zimbabve banklaridan olingan kreditlar yordamida mablag‘ yotqizgan.
Mugabega tegishli boshqa aktivlar qatorida bolalar uyi va ikki xususiy maktab ham bor. Hukmron partiyaning yuqori martabali arboblari Mugabe oilasiga sadoqatini bildirish uchun u yerga o‘z bolalarini yuborardi.
Prezidentning oilasi Xarare shimoli — Borroudeylda bir necha koshonaga ega. Ular 25 ta yotoqxona, vertolyot maydoni, bog‘ va ikki ko‘lni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, yarim yil avval Greys Mugabe 3,17 million dollar evaziga Yoxannesburg yaqinida, Sendtonda ham hashamatli uy sotib olgandi.
Izoh (0)