Rossiyaning “Transneft” kompaniyasi Qozog‘iston orqali tranzit bilan O‘zbekistonga sinov tariqasida neft yetkazib berishni boshladi. Xomashyo Omsk—Pavlodar—Chimkent neft quvuri orqali yetkazilmoqda, u yog‘iga temir yo‘l orqali tashiladi, deya xabar beradi “Kommersant.uz”.
Yetkazib beriladigan xomashyo hajmi oyiga 30 ming tonnadan iborat, biroq talabga binoan sutkasiga 2 ming tonnagacha ko‘paytirilishi mumkin. 2018-yilda “O‘zbekneftegaz” mazkur hajm 1 million tonnaga yetishiga umid qilmoqda.
“Kommersant” nashriga ko‘ra, umumiy quvvati 11 million tonna bo‘lgan neftni qayta ishlash zavodlarini xomashyo bilan ta’minlash uchun O‘zbekiston qo‘shimcha neft sotib olishga majbur, chunki o‘zi ishlab chiqargan xomashyo buning uchun yetarli emas. Import neft asosan temir yo‘l orqali keltiriladi, quvur orqali yetkaziladigan Rossiya nefti esa arzon tushadi. Shu sababli O‘zbekiston ularning hajmini ko‘paytirishdan manfaatdor.
Shuningdek, 2022-yilda O‘zbekistonga quvvati yiliga 5 million tonna bo‘lgan Jizzax viloyatidagi yangi neftni qayta ishlash zavodi uchun neftning qo‘shimcha hajmlari kerak bo‘ladi. Toshkent va Ostona 2021-yilda aynan shu quvvatga mo‘ljallangan Chimkent — Jizzax magistral neft quvurini bitkazishni rejalashtirgan. Qozog‘iston mazkur quvur orqali yiliga 2 million tonna o‘z neftini yetkazib berishni ko‘zlamoqda.
Izoh (0)