The New York Times nashri hayotimizni butunlay o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan beshta texnologiyani sanab o‘tdi, deb yozadi Hi-Tech Mail.Ru.

Foto: Hi-Tech Mail.Ru

Ro‘yxatning birinchi pog‘onasini tibbiyotdagi sun’iy intellekt egalladi. Tizim tasvirlarni tahlil qilib, kasalliklar belgilarini topishi va tashxis qo‘yishi mumkin. Millionlab fotosuratlarni tahlil qilib o‘rgangan neyrotarmoqlar hozirdanoq diabet, saraton va boshqa xastaliklarni aniqlashga qodir.

Ikkinchi o‘rinda — muloqot qila oladigan kompyuterlar. Google, Facebook va Microsoft odamning smartfonlar, avtomobillar va boshqa gadjetlar bilan aloqasini butunlay o‘zgartirishga va’da bermoqda.

Aql yordamida boshqarish texnologiyasi — uchinchi o‘rinda. Ekspertlar kelajakda mashinalar odamlar bilan erkin muloqot qilishdan tashqari, ularning fikrlarini ham o‘qiy olishini aytmoqda. Masalan, ob-havo ma’lumotini bilish yoki kimningdir raqamini terish uchun bu haqda o‘ylash kifoya. Bunda elektroensefalografiya — bosh miyani tadqiq qilishning keng tarqalgan usuli yordam berishi mumkin.

Uchar avtomobillar ro‘yxatning to‘rtinchi pog‘onasida joylashdi. Google asoschisi Larri Peyj uchar avtomobillarni ishlab chiquvchi Kitty Hawk kompaniyasini moliyalashtirmoqda, aprelda startap ulkan multikopterga o‘xshash Kitty Hawk Flyer “uchar mashina”sini taqdim etgan edi.

Kvant kompyuterlar — beshinchi o‘rinda. Ular bugungi kundagi kompyuterlardan ko‘p marta kuchliroq bo‘ladi: dunyoda eng kuchli himoya qilinadigan ma’lumotlarga 1—2 soniyada buzib kirish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, ekspertlar fikricha, kvant kompyuterlarning paydo bo‘lishi moliyaviy bozorlarni, ta’lim tizimini, transportni va boshqalarni tubdan o‘zgartirib yuboradi.