Yevropa Ligasi guruh bosqichining 4-turida musobaqa tarixida ro‘y bermagan holat kuzatildi. Ya’ni, uchrashuvni asosiy tarkibda boshlashi kerak bo‘lgan hamda mashg‘ulot o‘tash uchun stdionga chiqqan futbolchi maydondan chetlatildi.
Patris Evra Erik Kantonani takrorladi va o‘zini haqorat qilgan muxlis boshiga butsasi bilan zarba berdi
Gap fransiyalik himoyachi Patris Evra haqida bormoqda. “Marsel” a’zosi o‘z klubi muxlislari tomonidan yarim soatlar haqorat qilindi. Keyinroq fanatlar “Vitoriya Gimaraynsh” stadioniga tushib ham bu ishni davom ettirdi. Chiday olmagan Patris Evra esa o‘ziga eng yaqin bo‘lgan muxlis yoniga yugurib borib, butsasi bilan uning boshiga zarba berdi.Referi o‘yin boshlanmay turiboq Evrani chetlatdi. Demak, Patris kamida 1 ta uchrashuvni qo‘yib yuborishi shart. Biroq UEFA bu bilan cheklanmaydi. Tashkilot matbuot xizmatining xabar berishicha, Patris Evraga qarshi ish ochilgan. Tartib-intizom qo‘mitasi 10-noyabr kuni yakuniy qarorini e’lon qiladi.
1995-yilning 25-yanvar kuni fransiyalik boshqa bir futbolchi Erik Kantona ham shunga o‘xshash ishni amalga oshirgani futbol olamida ancha mashhur. “Kristal Pelas”ga qarshi bellashuvdan chetlatilgan “Yunayted” hujumchisi, muxlislarning ratsistik ruhdagi gaplariga chiday olmagan va ulardan birini yugurib borib, tepgandi. Bu ishi uchun Erik Kantona 1 yilga futboldan chetlashtirilgan.
Izoh (0)