IShIDga qarshi kurashish bo‘yicha AQSh boshchiligidagi koalitsiya terrorchilik tashkiloti rahbarlari joylashgani taxmin qilinayotgan Dayr-az-Zor viloyatining Abu-Kamol shahriga hujum uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda koalitsiya vakili Rayan Dillonning so‘zlariga asoslanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
“Biz ‘Suriya demokratik kuchlari’ tomonidan Omar neft konida erishilgan muvaffaqiyatlarni mustahkamlashimiz va hanuzgacha IShID tasarrufida bo‘lgan hududlarni tozalashimiz kerak. Shundan so‘ng biz IShID rahbarlari joylashgani taxmin qilinayotgan Abu-Kamolga hujum uyushtiramiz”, — deydi Dillon.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Iroqdagi Mosul va Suriyadagi Raqqa shaharlari ozod etilgach, Abu-Kamol terrorchilarning asosiy tayanchiga aylandi.
Shu bilan birga koalitsiya vakili IShIDni tamomila yo‘q qilish uchun qancha vaqt talab etilishini aniq aytmadi.
U bir tomondan Iroqdagi Mosul shahrini ozod etish operatsiyasi uzoq davom etgani va ikkinchi tomondan Tel-Afar va Xovijani ozod etish operatsiyalari rejalashtirilgandan ko‘ra tezroq yuz berganini misol tariqasida keltirdi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)