Shpitsbergen orollari yaqinida Rossiya vertolyoti dengizga quladi. Bu haqda Norvegiya qutqaruv xizmati xabar bermoqda. Meduza’ning yozishicha, vertolyot bortida sakkiz kishi bo‘lgan.
Havo kemasi bortidagi odamlar taqdiri haqida hozircha aniq ma’lumotlar yo‘q.
Vertolyot Piramida shaharchasidan Barensburgga uchib ketayotganida manzilga 2—3 kilometr qolganida qulagan. Uning yo‘qolgani mahalliy vaqt bilan 15:35 da (Toshkent vaqti bilan 18:35 da) ma’lum bo‘lgan. Oradan 10 daqiqa o‘tib vertolyot qulagani haqidagi axborot tasdiqlangan.
Hodisa joyiga sohil qo‘riqlash xizmatining ikki kemasi va vertolyot yuborilgan. Qutqaruv operatsiyasi ishtirokchilaridan birining ma’lum qilishicha, vertolyot qulagan joyni tuman qoplagan va u yerda qor yog‘moqda.
Dagbladet’ning qutqaruv xizmati vakiliga asoslanib xabar berishicha, vertolyot qulash arafasida halokat signalini yo‘llamagan.
Izoh (0)