AQShda jarrohlar boshi va bosh suyagi bilan qo‘shilib ketgan Siam egizaklarini muvaffaqiyatli tarzda ajratib oldi, deb yozadi “7mednews.ru”.
“Operatsiyadan buyon besh oy o‘tdi, Erin va Ebbi Deleyni o‘zlarini juda yaxshi his qilmoqda va qayta tiklanishda davom etmoqda”, — dedi shifokor Jess Teylor.
1,5 yil avval tug‘ilgan filadelfiyalik egizaklarning boshi va bosh suyagi umumiy edi. Bir yil oldin jarrohlar bosh suyagining umumiy qismidagi suyaklarning bir qismini olib tashladi. So‘ng ichkariga ularning o‘z bosh suyaklarini siljitadigan maxsus uskuna qo‘ydi. Bunday ajratuv juda sekinlik bilan bordi. Bir yil o‘tgach, ikkala bosh suyagi bir-biridan bir necha santimetrga siljidi. Bu shifokorlarga bolalarning boshida qo‘shimcha teri o‘stirish, so‘ng esa ularni ajratish imkonini berdi.
2017-yilning iyulidagi so‘nggi operatsiyada qizchalarning boshidagi har bitta tomir ajratildi, qon aylanish tizimining ortiqcha tarmoqlari olib tashlandi, arteriyaning yorilgan qismlari tikildi, va miyaning ular uchun umumiy bo‘lgan qismi olib tashlandi.
Izoh (0)